Глава Россотрудничества Евгений Примаков в письменном интервью «POLITIK Центральная Азия» — о деятельности в Центральной Азии и релокантах.

“Rossotrudnichestvo” Markaziy Osiyodagi faoliyatini tobora kengaytirmoqda. Bu rasman e’lon qilingan strategiya hisoblanadi — Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar uzilganidan so‘ng, idora o‘z xodimlarini “do‘st mamlakatlar”ga yo‘naltirdi. Biroq, bu yerda ham kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Moskva mintaqa aholisidan nima kutyapti? Mahalliy ruslardan-chi? POLITIK Central Asia shu savollar bilan Yevgeniy Primakovga yuzlandi – u Rossiyaning «yumshoq kuch» tushunchasini yoqtirmasa-da, aynan shu sohaning yuziga aylangan amaldordir.

 “Vakolatxonalarimiz dushmanlikning turli ko‘rinishlariga duch keldi”

– Siz “Rossotrudnichestvo”ga kelganingizdan so‘ng darhol Yevropadagi xodimlarni yaqin xorij mamlakatlariga qayta taqsimlashni boshlaganingizni aytgan edingiz. Bu harakatning natijalari haqida so‘zlab bersangiz. Natijada qanday yutuqlarga erishdingiz?

Biz maxsus harbiy operatsiya boshlanishidan ancha oldin resurslarimizni, jumladan kadrlarimizni qayta taqsimlay boshladik. Buning sababi, agentligimizning, Tashqi ishlar vazirligi va umuman Rossiya tashqi siyosatidagi kabi, aniq ustuvorliklari mavjud – bular, avvalambor, yaqin xorij davlatlari. Yevropaning do‘stona bo‘lmagan mamlakatlaridan xodimlarni boshqa davlatlarga qayta taqsimlash jarayoni 2022-yilda “Rossotrudnichestvo” Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarildi.

Vakolatxonalarimiz dushmanlik va tajovuzkorlikning turli ko‘rinishlariga duch keldi, shuningdek moliyaviy kanallar to‘sib qo‘yildi. Natijada Daniya, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya, Shimoliy Makedoniya, Xorvatiya va Chernogoriyada joylashgan Rus uylarining faoliyati to‘xtatildi. Boshqa vakolatxonalarimiz esa Yevropada madaniyat, fan va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘lamini sezilarli darajada qisqartirishga majbur bo‘ldi.

Hozirgi geosiyosiy vaziyatda biz xodimlarimizni do‘stona bo‘lmagan davlatlardan boshqa mamlakatlarga ko‘chirishni ancha tez-tez amalga oshira boshladik. Eng avvalo, “Rossotrudnichestvo” faoliyatining doimo ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan, hozir ham shunday bo‘lgan va kelajakda ham shunday qoladigan yaqin xorijiy mamlakatlarga. Shu bilan birga, xodimlarning bir qismi Afrika va Osiyo davlatlariga ham jo‘natilganini ta’kidlash lozim.

Ba’zi mamlakatlarda vakolatxonalarimizning qo‘shimcha bo‘limlari ochildi. Masalan, 2024-yilda Belarusning Grodno shahrida filial ish boshladi, Rossiyaning Tailanddagi elchixonasi tarkibiga esa “Rossotrudnichestvo” vakili yuborildi.

– Ta’lim kvotalarini taqsimlashda biror o‘zgarish kuzatilyaptimi? Ma’lumki, O‘zbekiston va Qozog‘istonda Rossiyada emas, balki Turkiya, Janubiy Koreya yoki Yevropada tahsil olishni ma’qul ko‘rayotgan yoshlar soni tobora ortib bormoqda. Rossiya ta’limiga bo‘lgan qiziqishni qayta uyg‘otish uchun qanday choralar ko‘rishni rejalashtiryapsiz?

“Rossotrudnichestvo” har yili o‘zi faoliyat yuritayotgan mamlakatlardagi ijro hokimiyati organlaridan davlatning turli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlari haqida ma’lumot so‘raydi. Taqdim etilgan ma’lumotlar Rossiyada ta’lim olish uchun hukumat kvotalarini taqsimlashda inobatga olinadi.

Rossiya oliy o‘quv yurtlarida bepul ta’lim olish imkoniyatlari vaqt o‘tishi bilan sezilarli darajada kengayib bormoqda. Faqatgina 2020-yildan 2023-yilgacha chet ellik talabalar uchun davlat kvotasi miqdori ikki barobarga oshdi. Shu bilan birga, mantiqan to‘g‘ri bo‘lganidek, alohida davlatlar, jumladan O‘zbekiston uchun ajratiladigan byudjet o‘rinlari soni ham ko‘paydi. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni kelajakda ham davom ettirishni rejalashtirganmiz.

Biroq, xorijdan kelayotgan ko‘pchilik abituriyentlar singari, biz uchun ham oliy ta’lim muassasalaridagi o‘rinlar sonidan ko‘ra, taqdim etilayotgan ta’lim xizmatlarining sifati ancha muhimroq. Bu masalada Rossiya boshqa davlatlardan aslo qolishmaydi. Biz bir qator mutaxassisliklar bo‘yicha a’lo darajadagi ta’limni taqdim etamiz. Tibbiyot, muhandislik-texnika yo‘nalishlari, axborot texnologiyalari sohasi, iqtisodiyot va huquqshunoslik chet ellik talabalar, jumladan o‘zbekistonliklar uchun eng talabgor ta’lim yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.

Rossiya diplomi jahon mehnat bozorida yuqori baholanadi. U ancha nufuzli hisoblanib, muvaffaqiyatli ishga joylashishga yordam beradi hamda o‘z egasi uchun kasbiy rivojlanishning qo‘shimcha istiqbollarini ochadi. Rossiyada ta’lim olgan xorijliklar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha hech qanday to‘siqlarsiz ish topishmoqda.

Xorijiy yoshlarning Rossiya ta’limiga bo‘lgan qiziqishini saqlab qolish maqsadida, bizning vakolatxonalarimiz turli xil formatdagi tadbirlarni tashkil etishni davom ettirmoqda. Shuningdek, ular Rossiya akademik jamiyati vakillari va ularning xorijdagi hamkasblari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishiga, talabalar hamda bitiruvchilar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilishiga ko‘maklashmoqda.

“Rossotrudnichestvo”ning Markaziy Osiyoda rus maktablari yoki rus tili kurslari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha rejalari bormi? O‘z tillari va madaniyatini faol targ‘ib qilayotgan boshqa davlatlar, masalan, Xitoy yoki Turkiya bilan raqobatni qanday baholaysiz?

Biz bu muhim vazifani o‘z zimmasiga olgan Ta’lim vazirligidagi hamkasblarimizning ishini qo‘llab-quvvatlaymiz. “Rossotrudnichestvo” ushbu tizimni, ayniqsa Markaziy Osiyo mamlakatlarida rivojlantirishga faol hissa qo‘shmoqda. Rus tilini o‘rganishni yoki rus tilida qo‘shimcha ta’lim olishni xohlovchi har bir kishi buni hech qanday to‘siq va muammolarsiz amalga oshira olishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdamiz.

Agentligimiz o‘zining chet eldagi vakolatxonalariga rus mualliflarining o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, ilmiy-ommabop kitoblari va badiiy adabiyotlarini yetkazib berishni tashkil etadi. Bu nashrlar keyinchalik rus maktablariga sovg‘a qilinadi. Har yili dunyo bo‘ylab 100 mingdan ortiq kitob tarqatamiz, shulardan bir necha yuz kitob O‘zbekistonga yuboriladi.

Bundan tashqari, “Rossotrudnichestvo”ning xorijiy vakolatxonalari bazasida rus tili kurslari faoliyat ko‘rsatmoqda. 2024-yilda Toshkent shahridagi vakolatxonamizda dastur bo‘yicha 100 ga yaqin kishi o‘qitildi. Ularning aksariyati 21 yoshdagi yoshlardir. Kurslar geografiyasi va auditoriya qamrovi masofaviy ta’lim shaklining rivojlanishi tufayli yildan-yilga kengayib bormoqda. Biz bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirishni rejalashtirmoqdamiz.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida boshqa tillarning ommalashib borayotganiga kelsak – bu masala, shubhasiz, Rossiyaning e’tibor markazida qolmoqda. Biz G‘arb bosimi ostidagi ayrim siyosiy kuchlar mintaqa davlatlarini Rossiyadan “uzoqlashtirish” maqsadida lotin alifbosiga o‘tishni rag‘batlantirayotganini aniq ko‘rib turibmiz. Bundan tashqari, SSSRda tug‘ilib o‘sgan fuqarolar soni kamayishi bilan rus tilini biladigan kishilar ulushi ham pasayib bormoqda.

Biroq, Markaziy Osiyo aholisi orasida rus tilining ahamiyati va uni o‘rganishga bo‘lgan qiziqish nafaqat saqlanib qolmoqda, balki ortib bormoqda. 2023-yildagi tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘rovda qatnashganlarning 86 foizi, Tojikistonda 84 foizi va Qirg‘izistonda 65 foizi maktab dasturi doirasida rus tilini chuqurlashtirilgan holda o‘rganishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Mamlakatlarimizning ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega ekanligi, shuningdek, umumiy tarixiy o‘tmish va saqlanib qolayotgan yaxshi qo‘shnichilik aloqalari bilan izohlanadi bu holat. Mening nazarimda, rus tilining asosiy ustunligi shundaki, u sobiq sovet hududida turli sohalarda rivojlanish va o‘zini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratadigan “lingua franca” vazifasini bajaradi.

Toshkentdagi Rus uyi faoliyati haqidagi eng muhim narsalarni aytib bera olasizmi? Dushanbedagi-chi? Ostonada yoki Bishkekdagi-chi? U yerlarda Rossiyaning zamonaviy siyosati mavzusi biror ko‘rinishda namoyon bo‘ladimi? Rus uylariga tashrif buyuradigan odamlarga buni tushuntirishga harakat qilasizlarmi?

Har bir Rus uyi o‘ziga xos va boshqasiga o‘xshamaydi. Vakolatxonalarimiz faoliyatini ko‘p jihatdan u yerga tashrif buyuradigan insonlar belgilaydi. Ularning barchasi istisnosiz o‘z urf-odatlari va an’analari, dunyoqarashi va xarakteri, qiziqishlari, maqsad va intilishlari bilan ajralib turadi.

“Rossotrudnichestvo”ning asosiy vazifasi ushbu ajoyib insonlarni o‘z bag‘riga olish, ularni tushunish va qo‘llab-quvvatlash, ular bilan insonparvarlik tilida so‘zlashish, ularga rivojlanish va o‘zini namoyon etish imkoniyatlarini yaratib berishdan iborat.

Bizning vakolatxonalarimiz ko‘pincha chet eldagi barcha “ruscha xususiyatlar”ni o‘zida jamlagan markaz sifatida tavsiflanadi, ammo mening fikrimcha, bu butunlay to‘g‘ri emas. Rus uyi — bu ko‘proq rus madaniyati va Rossiyaning ko‘p millatli davlat sifatidagi madaniyati joylashgan mamlakat madaniyati bilan uzviy bog‘langan, xalqlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydigan va siyosiy to‘siqlarni bartaraf etadigan makondir.

Rossiya uchun shafqatsiz axborot urushi va to‘xtovsiz soxta yangiliklar hujumi davrida o‘z nuqtai nazarini G‘arb asosiy oqimiga muqobil sifatida xorijiy tinglovchilarga yetkazish, tarixiy haqiqatni himoya qilish va zamonaviy voqelikni tushuntirish ayniqsa muhimdir.

Shunday bo‘lsa-da, “Rossotrudnichestvo”ning asosiy maqsadi nimadan iborat: sobiq sovet mamlakatlaridagi ruslar orasida vatandoshlarni ko‘chirish dasturlarini targ‘ib qilishmi yoki ruslarning ketib qolmasligi uchun ushbu davlatlarning hukumatlari va aholisi bilan hamkorlik qilishmi?

Vatandoshlarimizga nisbatan siyosatimizning ikki asosiy yo‘nalishi, ikki poydevori mavjud. Men ularni «Uyga qaytish vaqti» va «Rossiya siz bilan» deb nomlagan bo‘lardim. Birinchisi Rossiyaga qaytish, repatriatsiya, vatandoshlarni ko‘chirish davlat dasturi orqali ko‘chib kelishni anglatadi. Ikkinchisi esa — rus tilli jamoamiz, diasporamizning huquq va imkoniyatlarini himoya qilish, vatandoshlarimiz o‘zlarini qulay va himoyalangan his qilishlari, o‘z turmush tarzi va o‘ziga xosliklarini yashayotgan joylarida saqlab qolishlari uchun sharoit yaratishdir. Agentlik rasman Davlat ko‘chirish dasturi bo‘yicha mas’ul organ bo‘lmasa-da, biz vatandoshlarimizga uyga qaytishning afzalliklari, bu jarayonning barcha jihatlari va nozik tomonlarini tushuntirish bo‘yicha faol axborot siyosatini olib boramiz. Umuman olganda, bizning asosiy vazifamiz chet eldagi rossiyalik vatandoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Ularga qanday yordam kerakligini yurtdoshlarimizning o‘zlari tanlaydilar. O‘z taqdirlarini o‘zlari belgilaydilar.

Rossiya o‘z tarixiy vataniga qaytmoqchi bo‘lganlarni doimo ochiq yurаk bilan kutib olishga tayyor va bundan mamnun. Aslida, Rossiya davlati o‘ziga yaqin mentalitet, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, til va turmush tarziga ega muhitni afzal ko‘rgan insonlar uchun ko‘chib kelish dasturini amalga oshirmoqda.

Diqqatga sazovor tomoni shuki, so‘nggi paytlarda dasturga qiziqish ortib bormoqda, ayniqsa chuqur rus ruhiyatiga yot bo‘lgan buzg‘unchi g‘oyalar avj olgan g‘ayrido‘st mamlakatlar fuqarolari orasida. O‘tgan yil mobaynida “Rossotrudnichestvo” vakolatxonalari 38 mamlakatdan kelgan vatandoshlar uchun ko‘chib o‘tish masalalari bo‘yicha 500 dan ortiq shaxsiy va guruhli maslahatlarni yuzma-yuz hamda onlayn shaklda tashkil etdi va o‘tkazishga ko‘maklashdi. Shulardan 20 ga yaqini O‘zbekistonda amalga oshirildi.

Turli sabablarga ko‘ra chet elda qolayotganlar uchun “Rossotrudnichestvo” ular istiqomat qilayotgan mamlakatlarda qonuniy huquq va manfaatlariga rioya etilishini nazorat qilgan holda imkon qadar qulay yashash sharoitlarini ta’minlashga intilmoqda. Shu bilan birga, vatandoshlarimiz o‘zlarini begona his qilmasliklari, rus madaniyatini sog‘inmasliklari va ona tillarini unutmasliklari uchun agentlik vakolatxonalari o‘z maydonlarida turli kurslar, kasbiy treninglar, festivallar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarni uyushtirmoqda. Bu nafaqat rusiyzabon jamoalar ichidagi munosabatlarni faollashtiradi, balki chet eldagi diasporaning Rossiya bilan aloqalarini ham mustahkamlaydi.

“Bizning yo‘limiz ular bilan bir emas, ular o‘zlari ham madaniy markazlarimizga kelishmaydi”

Rossiya siyosatiga qarshi bo‘lganligi sababli Markaziy Osiyo mamlakatlariga ko‘chib ketgan rossiyaliklar – relokantlar Rossotrudnichestvo auditoriyasiga kiradimi yoki yo‘qmi?  

Rossotrudnichestvoning asosiy vazifalaridan biri xorijda yashovchi rossiyalik vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Bu guruhga, shubhasiz, maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng chet ellarga ko‘chib ketgan Rossiya fuqarolari — relokantlar ham kiradi. Biroq, ularning barchasi hukumat siyosatiga norozilik tufayli vatanini tark etgani haqidagi fikr haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Ko‘chishning birinchi to‘lqini asosini Rossiya bozoridan chiqishga yoki Rossiyadagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgan xorijiy kompaniyalar xodimlari tashkil etdi. Shuningdek, sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun xorijiy hisobraqamlarini ochmoqchi bo‘lganlar yoki Ukrainadagi mojaroning oqibatlaridan xavotirga tushganlar ham bor edi. Ko‘chishning ikkinchi to‘lqini asosan qisman safarbarlikdan qochishga urinayotgan yoshlardan iborat bo‘ldi.

Rossiyadan relokantlarning ommaviy chiqib ketishi 2023-yil mart oyidayoq to‘xtadi. Shundan so‘ng, mamlakatni tark etganlarning ko‘pchiligi vataniga qayta boshladi. Bu esa ko‘chib ketganlarning aksariyati muxolifat qarashlariga sodiq degan taxminni yana bir bor inkor etadi.

Hali ham chet elda qolayotganlar asosan sobiq sovet hududidagi davlatlar va Turkiyada o‘rnashgan. Rossiya fuqarolari uchun shubhasiz eng jozibador joy Markaziy Osiyo bo‘ldi. Bunda, Rossiyadan ko‘chib kelganlarning aksariyati yuqori texnologiyali sohalar va IT mutaxassislari bo‘lganligi sababli, ularning ko‘chishi qabul qiluvchi mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishiga turtki bo‘ldi.

Bu ijobiy holat bo‘lishiga qaramay, Rossiyadan ommaviy ko‘chib kelish aholining etnik tarkibi ruslar foydasiga o‘zgarishi va ularning ichki siyosiy jarayonlarga aralashishi mumkinligi haqida jamoatchilikda tashvish uyg‘otdi. Bunday xavotirlar mahalliy hokimiyatni Markaziy Osiyo davlatlari hududida Rossiya fuqarolarining yashash tartibini qattiqlashtirishga majbur qildi.

Biroq, o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng Rossiyadan mintaqaga ko‘chib kelgan odamlarning aksariyati o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilikka muvofiq olib bormoqda va har qanday siyosiy faoliyatdan o‘zini tiymoqda. Buning ustiga, biz xorijdagi rossiyalik ko‘chib kelganlar soni yanada kamayishini kutmoqdamiz.

Umuman olganda, “Rossotrudnichestvo” vakolatxonalari ushbu toifadagi fuqarolar bilan ishlashni ularning intilishlari va vatan bilan aloqani saqlab qolish istagiga qarab yo‘lga qo‘ymoqda. Ularning ko‘pchiligi agentligimiz auditoriyasini tashkil etib, Rus uylari tadbirlarida faol qatnashmoqda. Xususan, rossiyalik ko‘chib kelganlarning farzandlari ta’lim to‘garaklariga qatnashsa, ularning ota-onalari mahalliy aholi bilan birgalikda tarixiy, madaniy va ekologik merosni asrash hamda himoya qilish ishlarida ishtirok etmoqda. Albatta, davlatimizga nisbatan faol dushmanlik kayfiyatidagi ayrim marginal shaxslar ham mavjud. Ammo ular qanchalik shovqin solmasin, bu ularni ko‘pchilikka aylantirmaydi. Ular bilan yo‘limiz bir emas, o‘zlari ham madaniy markazlarimizga kelmaydilar.

“Rossotrudnichestvo”ning maqsadlaridan biri “tarixiy haqiqatni saqlash”dir. Biroq, Rossiya hatto ittifoqdoshlari bilan ham tarixiy haqiqatni turlicha tushunsa, qanday yo‘l tutish kerak? Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda hozirda mahalliy ziyolilar sovet hokimiyatiga qarshilik ko‘rsatishga uringan 1920-yillarni qayta baholash jarayoni ketmoqda. Moskvada buni “bosmachilikka qarshi kurash” deb atashadi. Bobongiz ham Rossiya razvedkasi tarixiga oid kitoblarida bu mavzuni ko‘targan edi. Bu boradagi bahslarni qanday baholaysiz? Rossiya o‘zining rasmiy nuqtayi nazaridan tashqari boshqa qarashlarni qabul qilishga tayyormi?

So‘nggi paytlarda biz siz bilan hamma joyda axborot urushining bir qismi bo‘lgan tarixiy revizionizmni kuzatmoqdamiz. Bir qator mamlakatlar hukumatlari o‘tmish voqealarini buzib ko‘rsatish, Rossiyaning salbiy qiyofasini yaratish va sobiq sovet hududi mamlakatlari o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga putur yetkazish maqsadida o‘zlari ishlab chiqqan tarixiy voqealar talqinlarini, haqiqatga hech qanday aloqasi bo‘lmagan hikoyalarni faol ravishda targ‘ib qilmoqda. Bu qayta tushunish jarayoni emas, balki tarixni sun’iy ravishda qayta yozishdir.

Afsuski, bunday faoliyat muayyan natijalarga erishmoqda. MDH davlatlarining ko‘plab maktab darsliklarida Rossiya endi o‘n yillar emas, balki yuz yillar davomida boshqa mamlakatlarning milliy o‘ziga xosligini bostirib kelgan mustamlakachi-bosqinchi davlat sifatida tasvirlanmoqda. Vaholanki, Rossiyaning o‘zi ko‘p millatli, ko‘p dinli, ko‘p madaniyatli mamlakat bo‘lib, u yerda 190 dan ortiq turli etnik guruhlar istiqomat qiladi – ularning har biri o‘z an’ana va urf-odatlariga ega. Shuni alohida ta’kidlash joizki, biz bu haqda vakolatxonalarimiz maydonchalarida mavzuli kunlar doirasida katta g‘ayrat va quvonch bilan so‘zlab beramiz.

Bunday darsliklarning mualliflari o‘z hikoyalarida Rossiyaning qo‘shni mamlakatlar rivojlanishiga qo‘shgan hissasini, u iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ta’lim yoki tibbiyot sohasi bo‘lishidan qat’i nazar, ataylab e’tibordan chetda qoldiradilar. Shunday rusofobik fikrlarga javoban, “Rossotrudnichestvo” “Rossiya va Markaziy Osiyo: XIX asr o‘rtalari – XX asr boshlaridagi tarix va madaniyat” nomli suratlashtirilgan ko‘rgazmali ocherkni nashr etish ustida ishlamoqda. Unda davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar tarixi va Rossiyaning mintaqa salohiyatini mustahkamlashdagi o‘rni haqqoniy yoritiladi. Bu katta loyihaning birinchi qismi, chunki biz, albatta, sobiq sovet hududidagi respublikalar hayotiga SSSR iqtisodiyot, fan, tibbiyot va ta’lim sohalarida qo‘shgan hissasi haqida ham so‘z yuritamiz.

Muammo faqat ma’rifatparvarlik niqobi ostida olib borilayotgan Rossiyaga qarshi targ‘ibotda emas. Ayrim hukmron doiralarning Ulug‘ Vatan urushi natijalarini qayta yozishga, sovet xalqining fashizm ustidan birlik, buyuk jasorat va qon evaziga qozongan G‘alabasini o‘zlashtirish va buyuk bobolarimiz, bobolarimiz hamda otalarimizning qahramonliklarini unuttirishga urinishlari bizda yanada ko‘proq tashvish uyg‘otmoqda.

Hozirgi kunda AQShning o‘zida USAID faoliyati qattiq tanqidga uchramoqda va bu, shubhasiz, Moskvada mamnuniyat uyg‘otmoqda. “Rossotrudnichestvo” g‘oyaviy yo‘nalishdan tashqari, USAIDdan qanday asosiy jihatlari bilan farq qiladi? Yondashuvlar va faoliyat ko‘lami bo‘yicha qanday tafovutlar mavjud? O‘zingizni insonparvarlik siyosatining boshqa vositalari bilan taqqoslay olasizmi? Masalan, Turkiyaning Yunus Emre instituti bilan-chi?

Aslida, “Rossotrudnichestvo” va USAID o‘rtasida bir qator jiddiy farqlar mavjud bo‘lib, bu ularni taqqoslash bema’ni va noto‘g‘ri ekanligini namoyish etadi. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, USAID tuzilmaviy va tashkiliy jihatdan “mustaqil” agentlik hisoblanadi, “Rossotrudnichestvo” esa ijro etuvchi hokimiyatning federal organidir. Bu holatdan kelib chiqadigan yana bir muhim farq shundaki, ularning moliyalashtirish hajmi hamda hukumat va fuqarolik jamiyati oldidagi hisobdorligi o‘rtasida katta tafovut mavjud.

Tashkilotimiz zimmasidagi mas’uliyat ancha kattaroqdir. “Rossotrudnichestvo” doimo nazorat organlariga sarflangan va sarflanmagan mablag‘lar haqida hisobot berib, amalga oshirilayotgan tashabbuslarning zarurligi va samaradorligini isbotlab keladi. AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) esa, Oq uyning o‘zi tan olganidek, ko‘p yillar davomida amalda hech qanday nazoratga tortilmagan.

Bundan tashqari, “Rossotrudnichestvo” va USAID butunlay farqli maqsadlarni ko‘zlaydi va o‘z faoliyatini amalga oshirishda mutlaqo boshqacha usullardan foydalanadi. Bizning agentligimiz siyosat bilan shug‘ullanmaydi va siz ta’kidlagandek, “yumshoq kuch”dan foydalanmaydi (suhbat O‘shdagi Rus uyi xodimasi hibsga olinishidan oldin tayyorlangan. Yevgeniy Primakov bunga qisqacha shunday izoh berdi: “Bu provokatsiya”. — POLITIK Central Asia). Men bu atamani umuman yoqtirmayman, chunki u boshqa mamlakatlarga ta’sir o‘tkazish orqali g‘arazli manfaatlarni ilgari surish, o‘z qadriyatlarini atrofdagi dunyoga singdirish va chet davlatlarning ichki ishlariga aralashib, o‘z hokimiyatini mustahkamlashni anglatadi.

“Yumshoq kuch” tushunchasi G‘arb dunyosiga xos bo‘lib, aynan o‘sha yerda paydo bo‘lgan: amerikaliklar va yevropaliklar o‘z hukmronligi va o‘tmishdagi mustamlakachi merosini saqlab qolish uchun har qanday usullardan foydalanishga odatlanishgan. USAID faoliyati doimo G‘arb qadriyatlarini singdirish, hukmron doiralarga bosim o‘tkazish va siyosiy tuzumlarni o‘zgartirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Amerika agentligi o‘z faoliyati davomida faqat g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan, turli tashabbuslarni amalga oshirish niqobi ostida o‘z manfaatlarini ko‘zlab ish yuritgan.

Adolatli dunyo tartibini o‘rnatishga intilayotgan va davlatlarning suveren tengligi tamoyillarini ilgari surayotgan Rossiya uchun “yumshoq kuch” tushunchasi yot hisoblanadi. Shu sababli, biz bu sohada boshqa mamlakatlar bilan mutlaqo raqobatlashmaymiz. Biz hech kimga ta’sir o‘tkazishga harakat qilmaymiz va siyosiy elitalarni shakllantirishga aralashmaymiz. “Rossotrudnichestvo”ning Nizomida ham, rasmiy hujjatlarida ham bunday vazifalar belgilanmagan. Biz faqatgina insonparvarlik faoliyatini amalga oshirish bilan shug‘ullanamiz.