Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev “Al Jazeera” nashriga bergan intervyusida 2029-yilda siyosiy faoliyatini yakunlashi haqida ma’lum qildi.

Prezidentning aytishicha, bu uning shaxsiy qarori va “xalq talabi”.

“Prezident – Xudoning vakili emas, xalq tomonidan yollangan boshqaruvchidir” – dedi To‘qayev.

Batafsil

To‘qayev 2019-yilda prezident etib saylangan va Qozog‘istonni qariyb 30 yil davomida boshqargan Nursulton Nazarboyevning o‘rniga kelgan edi.

2022-yilda esa saylovchilarning 81,3 foiz ovozi bilan qayta saylangan.

Mamlakatning yangi konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident qayta saylanish huquqisiz 7 yil muddatga saylanadi.

Endi nima bo‘ladi?

Agar To‘qayev 2029-yilda prezidentlikdan ketsa, Qozog‘istonni ko‘p yillar davomida ilk marta rejalashtirilgan va avvaldan taxmin qilingan hokimiyat o‘zgarishi kutadi, bu esa barqarorlik omili sifatida mamlakatning Markaziy Osiyodagi nufuzini mustahkamlashi mumkin.

Ma’lumot uchun…

To‘qayev may oyida 71 yoshni qarshi oldi. U o‘z faoliyatini sobiq sovet davrida TIVda boshlagan, 1990-2000-yillarda Qozog‘iston tashqi siyosat idorasi rahbari, shuningdek bosh vazir bo‘lib ishlagan.