
27-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekistonning yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi (1963) ga qo‘shilishiga oid qonun loyihasi muhokama qilindi.
4-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjatda O‘zbekistonning bir vaqtning o‘zida to‘rtta xalqaro kelishuvga qo‘shilish niyati haqida so‘z boradi:
- Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi (1963);
- Yadroviy va radiatsion avariya holatlarida yordam ko‘rsatish bo‘yicha konvensiya (1986);
- Yadroviy avariya haqida tezkor xabar berish to‘g‘risidagi konvensiya (1986);
- Yadroviy xavfsizlik to‘g‘risidagi konvensiya (1994).
Bu nima uchun kerak?
Ushbu konvensiyalarga qo‘shilish quyidagilarga imkon beradi:
— Yadroviy zararni qoplashga oid aniq qoidalarni belgilash;
— Yadroviy hodisadan jabrlanganlar himoyasini kuchaytirish;
— Yadroviy obyektlar operatorlari tomonidan moliyaviy kafolatni ta’minlash;
— O‘zbekistonning yadroviy xavfsizlik tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish.
Endi nima bo‘ladi?
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, Jizzaxda kam quvvatli atom elektrostansiyasi loyihasi uchun qurilish-montaj bazasining birinchi ishlab chiqarish obyektlari qurilishi boshlangan edi. “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxadjayev POLITIK Central Asia bosh muharriri bilan suhbatda loyiha tafsilotlariga to‘xtalib o‘tgan.