Qozog‘iston Ilon Maskning Starlink kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Joriy yilning uchinchi choragidan boshlab mamlakatning istalgan fuqarosi sun’iy yo‘ldosh terminalini sotib olish va internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu Starlink uskunalarini olib kirishni taqiqlashga urinishdan atigi bir necha oy o‘tib sodir bo‘ldi.

Bu nima uchun muhim?

Qozog‘iston Starlink’ni to‘liq miqyosda ishga tushiradigan mintaqadagi birinchi mamlakatga aylanadi.

Hattoki optik tola o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan uzoq qishloq, maktab, klinika va mobil punktlarda ham internetga ulanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Batafsil

2025-yilning fevral oyida Qozog‘iston Raqamli texnologiyalar vazirligi xorijdan turib boshqariladigan telekommunikatsiya uskunalari, jumladan Starlink’ni mamlakat hududiga olib kirishni taqiqlamoqchi bo‘lgan edi.

Ammo iyun oyiga kelib, hukumat kompaniya bilan kelishuvga erishdi va rasmiy sotuvga ruxsat berildi.

Ayni vaqtda foydalanuvchilar uchun texnik shartlar masalasida muzokaralar olib borilmoqda.

Ekspertlar nima deydi?

Oleg Yemelyanov, Qozog‘iston aloqa operatorlari assotsiatsiyasi prezidenti:

Starlink magistral internetga aylanmaydi. U mamlakat ichidan trafik olishi kerak.

Yo‘ldosh – optik tolalar muqobili emas: uning o‘tkazuvchanlik xususiyati bir necha barobarga past.

Starlink yordamida “mustaqil internet”ga erishish – afsonadan boshqa narsa emas. Bu juda qimmat va resurs jihatidan cheklangan.

O‘zbekistonda nima gap?

Mamlakatga Starlink tizimining kirib kelishi 2026-yilga rejalashtirilgan (avval 2025-yil edi).

Rasmiylarning ta’kidlashicha, respublikada, xususan shaharlarda optik tolali tarmoq juda yaxshi rivojlangan.

“O‘zbekkosmos” vakillari sun’iy yo‘ldosh – qimmat texnologiya ekanligi, shu sabab uning bepul bo‘lmasligini aytishgan.

Endi nima bo‘ladi?

Qozog‘iston sun’iy yo‘ldosh asosida ishlaydigan internet loyihalari uchun sinov maydoniga aylanmoqda. O‘zbekiston telekommunikatsiya sohasidagi muammolarga qaramay, hozircha an’anaviy infratuzilmaga tayanishni ma’qul bilyapti.

Xulosa:

Markaziy Osiyoning ba’zi mamlakatlari Ilon Maskning yo‘ldoshlariga ulanayotgan bir vaqtda boshqalari xavf-xatarni baholab, “fantastika kutib turadi” deb hisoblamoqda.