12-may kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) “Onlayn platformalar va veb-saytlardan foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini taqdim etdi. U O‘zbekistonda ilk marta bloger va inflyuyenserlarning huquqiy maqomini mustahkamlaydi. 

Loyiha nima haqida?

Undan shiddat bilan rivojlanib borayotgan inflyuyens-marketing bozorini tartibga solish, kontent mualliflari faoliyatini qonuniylashtirish va ularning daromadi shaffofligini ta’minlash maqsadi ko‘zlangan. Ammo soha vakillari qat’iy nazorat yosh va kreativ ijodkorlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishidan xavotirda.

Muhim jihatlar 

Quyidagi tushunchalar orasida rasman farq joriy etilmoqda:

Bloger – ijtimoiy ahamiyatga ega kontent joylashtiruvchi shaxs;

Inflyuyenser – 10 ming obunachidan ortiq auditoriyaga ega bo‘lgan bloger.

Erkin fikr bildirish, faoliyat turini monetizatsiya qilish, akkauntni himoyalash va platformadagi nomaqbul mahsulotdan voz kechish huquqlari belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunga rioya qilish, noqonuniy kontentni o‘chirish, soliq to‘lash, inflyuyenserlar uchun ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish, moderatsiya va kontakt ma’lumotlarini e’lon qilish majburiyatlari joriy etilmoqda.

Bulardan bo‘yin tovlash ogohlantirishga, keyin esa akkauntning 6 oygacha bloklanishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Munosabat

Taniqli blogerlarning PR menedjeri va “FACES” agentligi asoschisi Sabina Bakiyeva ushbu qonun loyihasini O‘zbekistonda inflyuyens-marketingning jadal rivojlanishi fonida mantiqiy qadam deb hisoblaydi. Uning aytishicha, mazkur tashabbus bozorning shaffofligini ta’minlash va auditoriya manfaatlarini himoya qilishga yordam beradi, shu bilan birga yosh blogerlarga ortiqcha bosim o‘tkazmaslik juda muhim:  

Biz hukumatning ushbu yo‘nalishni tizimlashtirishga intilishini qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo munozarali jihatlarni – bloklash tartibi, majburiy ma’lumotlar ro‘yxati, boshlovchi blogerlar uchun soliq hisobotlari masalasini aniq belgilab olish zarur. Shuningdek, o‘zgarishlar ravonligini ta’minlash uchun hukumat, agentliklar, platformalar va ijodkorlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni yo‘lga qo‘yish lozim. Biroq yangi me’yorlar ijodiy yo‘nalishning organik taraqqiyoti, ayniqsa kichik inflyuyenserlar va yangi blogerlarning rivojlanishi uchun to‘siq bo‘lib qolmasligi kerak.

Troll.uz muallifi va “Tanish Bilish” reklama agentligi rahbari Umid G‘afurovning fikricha, blog va raqamli platformalarning tartibga solinishi kutilgan va to‘g‘ri amalga oshirilganda barcha tomonlar uchun manfaatli qadamdir:

Reklama bozori “qora sxema”lardan aziyat chekmoqda: blogerlar ko‘p hollarda shartnomalarsiz ishlashadi, to‘lovni naqd pul ko‘rinishida olishadi. Bu ayniqsa, boshlovchi blogerlarga tegishli. Shu bilan birga ularning aksariyati soliq to‘lashga qarshi emas – shunchaki, bularning barchasini qanday qilib rasmiylashtirish kerakligini bilishmaydi. Yirik blogerlar shaffof ish olib borishadi. 

G‘afurovning aytishicha, bundan agentliklar ham foyda ko‘radi: 

Bizga agentlik sifatida shaffof tizim asosida, shartnomalar, hisob-kitob va avvaldan ma’lum qilingan shartlar bilan ishlash oson va foydaliroq. Bu reklama beruvchining ishonch darajasini oshirib, xavfni kamaytiradi.

U shuningdek, qonun loyihasini takomillashtirish, jumladan qonuniylashtirish va hisobot berish qonun-qoidalarini osonlashtirish kerakligini ta’kidlagan.

Endi nima bo‘ladi? 

Loyiha muhokamasi 27-maygacha davom etadi. Soha vakillari hukumatni muloqot qilishga chaqirib, loyihaga barcha tomonlar – davlat, biznes va blogerlarning o‘zi uchun ham manfaatli bo‘lgan o‘zgartirishlar kiritilishiga umid bildirmoqdalar.