Isroil Eronga ommaviy zarbalar berib, yadroviy va raketa obyektlariga hujum uyushtirdi, yuqori martabali harbiylar va olimlarni o‘ldirdi, havo hujumidan mudofaa tizimlariga qarshi yashirin operatsiyalar boshladi. Bu mojaroning so‘nggi yillar ichida kuzatilgan eng jiddiy keskinlashuvi – ayni vaqtda O‘zbekistonning Isroildagi fuqarolari potensial xavf mavjud hududda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarni ehtimoliy hujumlar xavfidan ogohlantirdi

Eron tomonidan muqarrar raketa hujumi tahdidi fonida O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi o‘z fuqarolarini ogohlikka chaqirdi:

Dastlabki xavf signallari berilishi bilan eng yaqin bombapanohga yashirining.

Isroil hukumati, front orti qo‘mondonligi va O‘zbekiston elchixonasining rasmiy kanallari xabarlarini doimiy ravishda kuzatib boring.

O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ham aynan shunday chaqiriq bilan chiqqan. 

Bu nima uchun muhim?

Isroil ushbu operatsiyani AQSHdan mustaqil ravishda boshladi va ular o‘rtasida masofa paydo bo‘ldi. Donald Tramp diplomatik yechimdan umidvor ekanligini aytib, Eronni Amerikaning Isroilda joylashgan obyektlariga hujum qilishdan tiyilishga chaqirdi. Biroq endilikda vaziyat keng ko‘lamli mojaroga aylanib ketishi mumkin va uning oqibatlarini avvaldan taxmin qilish imkonsiz. 

Hozirgacha nimalar sodir bo‘ldi?

IIQK qo‘mondoni general Husayn Salomiy, Bosh shtab boshlig‘i Muhammad Bagiriy va yadroviy yo‘nalishdagi ikki nafar eng yaxshi olim o‘ldirildi.

Eron Milliy xavfsizlik kengashining sobiq rahbari Ali Shamhoniy halok bo‘ldi.

Isroil havo hududini yopdi, Eronda Tehrondan parvozlar to‘xtatildi.

Favqulodda holat rejimi joriy etildi: maktablar, korxonalar yopildi, yo‘llarda harakat cheklandi. 

Netanyaxu zarbalar yo‘llanishi “qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etishi”ni aytdi. 

Endi nima bo‘ladi?

Eron bularning barchasiga javoban AQSH va Isroil nishonlariga zarba berishni va’da qildi.

AQSh o‘z diplomatlari va ularning oila a’zolarini Fors ko‘rfazi davlatlaridan evakuatsiya qilishni boshladi.

Joriy haftaning yakshanba kuniga rejalashtirilgan yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokara deyarli bekor qilindi.

Bugun AQSHda prezident Tramp ishtirokida Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Iordaniya o‘z havo hududining buzib o‘tilishi va qirollikni jangovar harakatlar maydoniga aylantirishga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi.

Batafsil

Isroil Eron yadro dasturi ustida ishlashni tezlashtirgani va bundan buyon kutib bo‘lmasligini aytdi. AQSH esa o‘z navbatida Eron yadroviy qurol yaratishga yaqinlashib qolganini ma’lum qildi.