18 yoshli o‘zbekistonlik Shoakmal Shomansurov raqamli yechimlar yordamida oziq-ovqat chiqindilarga qarshi kurashish uchun Mazza startapini yo‘lga qo‘ydi: avvaliga Telegram, so‘ngra mobil ilova orqali.

Asoschining POLITIK Markaziy Osiyo nashriga ma’lum qilishicha, loyiha foydalanuvchilarga “sovg‘a-bokslar”, ya’ni kafe va restoranlardagi kechgacha sotilmay qolgan yeguliklarni taklif qiladi. Ularni chegirma bilan sotib olish mumkin bo‘ladi.

“Minglab odamlar hamyonbop kechki taomni izlab yurgan bir vaqtda Toshkentda har kuni juda ko‘p miqdorda yeguliklar tashlab yuboriladi”, — deya qayd etdi Shomansur.

Shomansur xalqaro tajriba, xususan Too Good To Go ilovasidan ilhomlanib, O‘zbekiston ham bunday yechimga tayyor, degan xulosaga kelgan.

Mazza faqat litsenziyaga ega kafe va restoranlar bilan ishlaydi. Loyihaning o‘zi faqat raqamli platforma sifatida amal qiladi. Hozircha loyiha imzolangan shartnomalarga ega emas, ammo bo‘lajak sheriklar ro‘yxatida qariyb 20 ta muassasa mavjud. Ularning nomi hozircha oshkor qilinmagan.

Mazza biznes-modeli har bir sotilgan qutidan 30% miqdorida komissiyani nazarda tutadi.

“Shu tariqa, kafelar odatda tashlab yuboriladigan mahsulotlardan qo‘shimcha tushumga ega bo‘ladi, biz esa har bir tranzaksiyadan barqaror daromad olamiz”, — deya tushuntirdi asoschi.

Hozirda Mazza mahsulotni oxirigacha ishlab chiqish va birinchi marta ishga tushirish uchun $20–30 mingni jalb qilish umidida akselerator va startap-dasturlarga so‘rovlar yubormoqda. Maqsad — ilk hisoblar olinganidan so‘ng $300 ming miqdorida Pre-Seed raundiga chiqish.