O‘zbekistonning Samarqand viloyati uch oydan ortiq vaqt davomida onkologiya bilan kasallangan bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatish va davolashda qo‘llaniladigan asosiy opioidli og‘riq qoldiruvchi — morfinsiz qolgan. Bu haqda Taskin birinchi bolalar xospisi mudiri va Ezgu Amal xayriya jamg‘armasining tibbiy direktori Rustam Narbayev xabar qildi.

Men uchun bu sog‘liqni saqlash sohdasidagi favqulodda vaziyat. Minglab odamlar og‘riqlardan azob chekmoqda, ammo vaziyat o‘zgaradiganga o‘xshamaydi, — dedi Narbayev.

Bu nega muhim:

Morfin — palliativ tibbiyotda og‘riqni qoldiruvchi muolajaning asosidir. Samarqanddagi hududlararo xospisda bu dori vositasining yo‘qligi o‘nlab og‘ir kasallangan bemorlar, jumladan bolalar og‘riqni qoldirish bo‘yicha asosiy huquqdan mahrum etilganligini bildiradi.

Og‘riqni qoldiruvchi dorilarsiz xospis bunday muassasa falsafasiga zid keladi. <…> Har bir odam, irqi, yoshi va jinsidan qat’i nazar, og‘riq va azoblarsiz yashashga haqli, — deya qayd etdi Narbayev.

Tizim qanday ishlaydi:

– Bemor og‘riqni qoldiruvchi dorining zarur dozasini belgilab beruvchi tuman onkologiga murojaat qiladi.

– Shifokor maxsus retseptda morfinni tayinlaydi va dorini olish uchun bemorga Dori-Darmon dorixonasiga yo‘llanma beradi;

– Bemor foydalanilgan ampulalarni shifokorga qaytaradi.

Foydalaniladigan dori vositalari: Moskva endokrin zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan morfin — 1 ml (10 mg) ampulalari va Morfin Long tabletkalari (10 mg).

Morfinga bo‘lgan ehtiyoj oldindan shakllantiriladi. Poliklinika va kasalxonalar Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rov beradi, vazirlik esa bir yil oldindan xaridlar hajmini tasdiqlaydi. Ushbu ma’lumotlar Dori-Darmon tarmog‘iga ham yetkaziladi, lekin shifokorlarning aytishicha, “dorilar haligacha yetib kelmayapti”.

Chuqurroq nazar:

Ezgu Amal jamg‘armasi vasiylar kengashining a’zosi, onkolog Yaxyo Ziyayevning ta’kidlashicha, gap pulda emas: “Bir dona brendli bevatsizumabning (onkologik kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan dori) narxiga 80 ta morfin blisterini xarid qilish mumkin — bu 800 tabletka degani. U arzon turadi. Eng asosiysi, bu dori chindan ham yordam beradi. Uni sotib olmaslik shunchaki insoniylikka qarshi”.

POLITIK Markaziy Osiyo bilan suhbat chog‘ida Ziyayevning aytishicha, morfin arzon turadi va asosiy muammo — bu [muolajaviy] nigilizm (tibbiy yordam samaradorligiga ishonchsizlik bilan qarash — tah. izohi).

Sog‘liqni saqlash vazirligining javobi:

Tahririyat izoh olish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligining matbuot-kotibi Furqat Sanayevga murojaat qildi. U dorilar xaridi va taqsimoti uchun mas’ul hisoblangan Dori-Darmon kompaniyasi mustaqil tuzilma ekanligi va dorilar yo‘qligi masalasida unga murojaat etish kerakligini ma’lum qildi.

Biroq Ziyayev bunday yondashuvni nomaqbul deb hisoblaydi: “Dori-Darmon Vazirlik tasdiqlagan ro‘yxatlar bo‘yicha dorilarni xarid qiladi. Agar masalaning ildiziga qaraydigan bo‘lsak, Sog‘liqni saqlash vazirligi go‘yoki dorilar siyosatiga ta’sir qilmasligi noto‘g‘ri. Bu vazirlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyatlaridan biri”.

Dori-Darmon izohi:

Dori-Darmon aksiyadorlik kompaniyasi bosh ofisining vakili Shaxzod Xalilovning ta’kidlashicha, morfin tabletka va ampulalarini yetkazib berish bilan bog‘liq hech qanday muammo yo‘q. Uning aytishicha, ikkala vosita yetarlicha miqdorda mavjud. Xalilov kompaniyaning Samarqanddagi hududiy bo‘limiga murojaat etishni tavsiya qildi.

Biroq muxbirlar na Xalilov taqdim etgan, na rasmiy saytda ko‘rsatilgan telefon raqamlari orqali ular bilan bog‘lana olmadi.

Hududiy hokimiyat:

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi muammodan xabari bo‘lmaganligi va vaziyat aniqlashtirilayotgani haqida ma’lum qildi.

Endi nima bo‘ladi:

Vaziyat yaqin vaqt ichida hal bo‘lmasa, nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining nufuzi, balki mamlakatning muhim hududlaridan biridagi og‘ir kasallangan bemorlarning asosiy huquqlari ham tahdid ostida qoladi.

Samarqand hududlararo xospisi POLITIK Markaziy Osiyo nashrining maqolasida javob berdi. Muassasa bosh shifokori, professor Nodir Raximovning so‘zlariga ko‘ra, “morfinni yetkazib berishda vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli uzilishlar yuz beradi”, ammo bu “narkotikli og‘riqni qoldiruvchi dori vositalari uchun odatiy muammo”. Tanqislik yuzaga kelganida muassasa og‘riqni qoldirishda bemorlarning ehtiyojlarini to‘liq qondira oladigan “farmakologik jihatdan o‘xshash omnopondan” foydalanadi.

Raximovning qayd etishicha, hozirda “tanqislik muammosi hal qilingan”. Bundan tashqari, “taxminan hafta oxirigacha” tabletka shaklidagi morfinni xarid qilish rejalashtirilgan.

Muassasamiz katta yoshdagi bemorlar uchun mo‘ljallangan xospis bo‘lganligi sababli, narkotik analgetiklarni bolalarga tayinlamaydi, chunki onkopediatriya sohasida ixtisoslashgan vakolatlarga ega emas. Ushbu amaliyot belgilangan tibbiyot standartlari hamda bemorlar xavfsizligiga doir talablarga muvofiq keladi, — deya ta’kidladi Raximov.

Raximovning fikricha, kattalar va bolalar xospislari o‘rtasidagi qayd etilgan vakolatlar chegaralanishi palliativ yordamga muhtoj bolalar uchun zarur dori vositalarini olish manbalariga nisbatan tushunmovchilikni hosil qilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Raximov xospislar o‘rtasida “hududda pallivtiv davolash sifatini yaxshilash uchun hamkorlikni kengaytirish va faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha” muzokaralar olib borilayotganiga ishontirdi.