O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamovning taksi haydovchilari uchun hech qanday “cheklovlar yo‘q ekanligi” haqidagi bayonoti avtomobil ro‘yxatga olingan hududdan tashqarida ishlashni taqiqlovchi hukumat qaroriga ziddir.

Qonun nima deydi?

Yangi nizomning 14-bandi ishlash ruxsat etilgan hududni davlat raqamidagi kodga bog‘laydi. 

Ya’ni, haydovchi avtomobil misol uchun, Farg‘onada ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, boshqa hududlarda, jumladan Toshkentda ishlay olmaydi.

Vazir nima dedi?

Mahkamov jurnalistlar bilan yopiq uchrashuv vaqtida bunday cheklov yo‘qligini, haydovchilar ishlash hududini o‘zlari tanlashlari mumkinligini aytdi.

Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: og‘zaki bayonot Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan hujjatdan ustunroqmi?

Taksi – bu jiddiy biznes: yil boshidan beri bozor hajmi 11,9 trln so‘mga yetgan (barcha avtotransport xizmatlarining 43,6 foizi).

Ekspertlar nima deydi?

Otabek Bakirov, iqtisodchi:

Vazirlik 3 kun sukut saqlab, yopiq eshiklar ortida bayonot berdi.

Bu muammoni hal qilishga emas, uni yashirishga urinishga o‘xshaydi.

Nima uchun aholi noroziligi va partiyalar munosabati e’tiborga olinmayapti?

Javonsher Rustamov, huquqshunos:

Hujjat regulation.gov.uz. saytida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan.

Bu qonunning to‘g‘ridan to‘g‘ri buzilishidir.

Qaror bandlik va daromad masalalariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi, ammo u aholiga taqdim etilmadi.

Komila Abdullayeva, advokat:

Norma Konstitutsiyani buzmoqda.

Ajablanarlisi shundaki, u barcha instansiyalardan o‘tib, qabul qilingan.

Huquqiy davlatda vazirning fikri emas, qonun amal qiladi.

Yagona yechim – Konstitutsion sudga murojaat qilishdir.

Bu nima uchun muhim?

Taksi haydovchilarining boshqa hududlarda ishlashini taqiqlash diskriminatsiya hisoblanadi. Bozor juda katta va uning cheklanishi minglab oilalar daromadiga ta’sir ko‘rsatadi.

Xulosa:

Masala huquqshunoslar, jamoatchilik va Konstitutsion sud qo‘lida.

Vazir holat yuzasidan yozma tushuntirish berganicha yo‘q.

Sukut va yopiq izohlar ochiq va qonuniy muloqot o‘rnini bosa olmaydi.